Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi davlat xizmatlaridan foydalanishni yaxshilash uchun aholining xabardorligini oshirishni kuchaytirmoqda
2026-yil 20-avgust - Toshkent viloyatida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida “Samarali axborot orqali davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish” mavzusida uch kunlik trening boshlandi.
O‘zbekiston bo‘ylab davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi muassasalarning bek va front-ofislarida faoliyat yuritayotgan jamoatchilik bilan aloqalar (PR) bo‘yicha 25 nafardan ortiq mutaxassislar treningda ishtirok etdi. Maqsad — davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaffoflik, fuqarolarga yo‘naltirilganlik va tezkorlikni oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy kommunikatsiya ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat.
Trening ekspertlar tomonidan olib boriladigan mahorat darslari, guruhlar bilan ishlash, simulyatsiyalar va real kommunikatsiya vaziyatlariga asoslangan amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim dasturi shaklida tashkil etilgan. Uch kun davomida ishtirokchilar fuqarolarga yo‘naltirilgan kommunikatsiya, ijtimoiy tarmoqlardan strategik foydalanish, raqamli hikoyachilik (digital storytelling), OAV bilan ishlash, vizual kontent yaratish, sun’iy intellektdan foydalanish, inqiroz kommunikatsiyasi va kasbiy barqarorlik bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.
“Davlat xizmatlari sohasidagi islohotlar fuqarolar ularni tushungan, ularga ishongan va ulardan qanday foydalanishni bilgan taqdirdagina muvaffaqiyatli bo‘ladi. Shu bois kommunikatsiya yordamchi funksiya emas, balki davlat xizmatlarining o‘ziga xos muhim tarkibiy qismidir. Ushbu tashabbus orqali Yevropa Ittifoqi davlat organlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilayotgan kommunikatsiya mutaxassislarining kasbiy salohiyatini rivojlantirishga investitsiya kiritishda davom etmoqda. Zamonaviy raqamli vositalar, strategik hikoyachilik va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanishni o‘zlashtirish orqali PR mutaxassislari davlat xizmatlarini yanada shaffof, qulay va fuqarolar ehtiyojlariga mos qilishga hissa qo‘shishlari mumkin”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar Janobi Oliylari.
Trening, shuningdek, jamoaviy ishlashni mustahkamlash, ichki muvofiqlashtirishni yaxshilash, ish joyidagi stressni boshqarish va yuqori bosimli kommunikatsiya muhitida kasbiy barqarorlikni rivojlantirish orqali jamoatchilik bilan aloqalarning insoniy jihatlariga ham e’tibor qaratadi.
“O‘zbekiston davlat xizmatlarini raqamlashtirishda davom etar ekan, samarali kommunikatsiya raqamli infratuzilmaning o‘zi kabi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolarga aniq, o‘z vaqtida, tushunarli va qulay axborot kerak. Ushbu trening orqali biz kommunikatsiya mutaxassislariga fuqarolar bilan yanada samarali muloqot qilish, yuzaga kelayotgan kommunikatsion muammolarga javob berish va davlat tashkilotlariga bo‘lgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlash imkonini beradigan zamonaviy vositalarni o‘zlashtirishda ko‘maklashmoqdamiz. Oxir-oqibat, kuchli kommunikatsiya yanada inklyuziv, shaffof va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilining o‘rinbosari janob Anas Fayyad Qarman.
Trening yakunlangach, ishtirokchilar o‘z tashkilotlarida yangi ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etishlariga ko‘maklashuvchi mentorlik yordamini olishda davom etadilar. Davlat tashkilotlarining kommunikatsiya salohiyatini mustahkamlash orqali ushbu tashabbus shaffoflikni oshirish, davlat islohotlari haqida aholining xabardorligini kengaytirish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, O‘zbekistonning yanada ochiq, hisobdor va fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvini shakllantirish borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun
“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:
-
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.
-
Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.
-
Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.
-
Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.
Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Yevropa Ittifoqi haqida:
Yevropa Ittifoqi - bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.