Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda raqamli shaharsozlik rejalashtirish salohiyatini mustahkamlashga hissa qo’shadi

 

2026-yil 15-iyul – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida “Master rejalardan fazoviy-hududiy rejalashtirishga: raqamli boshqaruv va ilgʻor yondashuvlar” mavzusidagi ikki kunlik o‘quv treningga start berildi.

Treningda O‘zbekistonning turli hududlaridan 50 nafardan ortiq shaharsozlik sohasi mutaxassislari, davlat organlari vakillari, me’morlar va hududiy rejalashtirish ekspertlari ishtirok etmoqda. Ular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari, mamlakatning barcha 14 hududidagi bosh reja institutlari mutaxassislari hamda xususiy arxitektura va shaharsozlik kompaniyalari ekspertlari bor. Amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashish sessiyalari orqali ishtirokchilar raqamli rejalashtirish vositalari, xalqaro tajriba va hududlarni kompleks rivojlantirishning innovatsion yondashuvlari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlamoqda.

O‘zbekistonda urbanizatsiya va hududiy rivojlanish sohasidagi islohotlar jadallik bilan davom etar ekan, hududiy rejalashtirish barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, infratuzilmaga investitsiyalarni samarali yo‘naltirish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va aholi turmush sifatini yaxshilashda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy master rejalar endilikda oddiy rejalashtirish hujjatlaridan uzoq muddatli hududiy rivojlanishni boshqarishga xizmat qiluvchi, ma’lumotlarga asoslangan kompleks vositalarga aylanib bormoqda.

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda hududiy va bosh rejalashtirish salohiyatini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashdan faxrlanadi. Bu esa barqaror shahar rivojlanishi, mustahkam infratuzilma yaratish va fuqarolar hayot sifatini yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega. Bilim, ko‘nikma va institutsional hamkorlikka sarmoya kiritish orqali biz mamlakat bo‘ylab yanada inklyuziv, puxta rejalashtirilgan va kelajakka yo‘naltirilgan hududlarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishga ko‘maklashmoqdamiz”,, — dedi O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi Birinchi maslahatchisi va Hamkorlik bo‘limi rahbari  doktor Xristos Marazopulos.

Mazkur trening O‘zbekistonda hududiy rejalashtirish amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning davomi hisoblanadi. Quvasoy va Nurobod uchun ishlab chiqilgan pilot bosh rejalar, shuningdek, Urganch va Shumanayda rejalashtirilayotgan yangi tashabbuslar orqali loyiha O‘zbekiston hukumatini barqaror, inklyuziv va ma’lumotlarga asoslangan hududiy rivojlanishni ilgari surishda qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

“Mustahkam rejalashtirish tizimlari barqaror, inklyuziv va rivojlangan hamjamiyatlarni shakllantirish uchun muhim ahamiyatga ega. Milliy va hududiy mutaxassislarni zamonaviy vositalar hamda xalqaro tajriba bilan ta’minlash orqali hududiy rejalar odamlar hayotini yaxshilash va mamlakat bo‘ylab muvozanatli hududiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi amaliy vositaga aylanishiga ko‘maklashmoqdamiz”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim.

Professional salohiyatni mustahkamlash va zamonaviy rejalashtirish yondashuvlaridan foydalanishni rag‘batlantirish orqali ushbu tashabbus mamlakat bo‘ylab yanada qulay, barqaror va farovon shaharlar hamda hududlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Ma’lumot uchun

“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:

  1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.

  2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.

  3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.

  4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o’zgartirish.

    Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

     

    Yevropa Ittifoqi haqida: 

    Yevropa Ittifoqi - bu Yevropa 27 mamlakatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchiliklarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U jamiyat, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida har kimning foydasi uchun global miqyosda harakat qiladi.