Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturining koʻmagida Oʻzbekiston hududlarida korrupsiyaga qarshi amaliyotni mustahkamlash boʻyicha treninglar seriyasi yakunlandi
O‘zbekistonda hududiy darajadagi korrupsiyaga qarshi amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilgan bir oylik o‘quv-treninglar dasturi yakunlandi. Mazkur tashabbus orqali hududiy kengashlar a’zolari, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining 501 nafar vakili korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish borasida bilim va tajribasini yanada boyitish imkoniga ega bo‘ldi.
Treninglar joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish maqsadida tashkil etilib, nazariy bilimlar va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘unligiga asoslangan formatda o‘tkazildi. O‘quvlar davomida korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha xalqaro va milliy yondashuvlar, jumladan, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi hamda poraxo‘rlikka qarshi boshqaruv tizimlari uchun ISO 37001 standarti o‘rganildi. Shuningdek, hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda ichki nazorat, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Trening mashg‘ulotlari har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari va ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda amaliy misollarga asoslandi. Hududiy kengash vakillari tomonidan mavjud korrupsiya xavflari tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy yechimlar hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Treninglar yakunida har bir hududdan taklif va tavsiyalar jamlanib, ular hududlarning oʻziga xos xususiyat va ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda hududiy harakat rejalari ishlab chiqilishi va takomillashtirilishi uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga taqdim etildi.
Ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan asosiy tavsiyalar ichida quyidagilarni taʼkidlash mumkin:
-
korrupsiyaga murosasizlik muhitini mahalla va xonadonlar kesimida olib borish;
-
fuqarolarning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi halollik va korrupsiyaga qarshi kurashish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan kompleks dasturlar ishlab chiqish;
-
jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali fuqarolarning korrupsiya holatlarini aniqlash va ular haqida xabar berishdagi ishtirokini kengaytirish;
-
korrupsiya jinoyatlari uchun sudlangan shaxslarni rahbar lavozimlarga tayinlash amaliyotini cheklash;
-
korrupsiyaviy jinoyatlar uchun yanada qatʼiy jazolarning muqarrarligini taʼminlash, bunda ana shunday huquqbuzarliklar faqat jarima yoki yetkazilgan zararni qoplash bilan cheklanmasligi;
-
inson omilini kamaytirish hamda ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish maqsadida davlat xizmatlarini raqamlashtirishni kengaytirish;
-
davlat tashkilotlarining fuqarolar uchun ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
-
korrupsiya haqida xabar qilgan shaxslarni himoya qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish.
Trening qatnashchilari seminarlarning amaliy yoʻnalishi va ularning hududiy darajadagi kelgusidagi ishlar uchun ahamiyatini taʼkidlab oʻtishdi.
Toshkent viloyati xalq deputatlari Kengashi deputati Akmal Umaraliyevning qayd etishicha, treninglar paytida hududlarda korrupsiyaga qarshi samarali ishlarni yoʻlga qoʻyish, har bir tashkilot faoliyatida nimaga eʼtibor qaratish kerakligi borasida aniq taklif va yondashuvlar ishlab chiqildi.
Andijon viloyati “Ma'naviyat” boshqarmasi monitoring boʻlimi boshligʻi Tursunoy Murodova taʼlimning amaliy formatini alohida eʼtirof etib, shunday dedi: “Trening juda mazmunli oʻtdi, unda amaliy topshiriqlar, test mashqlari va tashkilotlarimizning haqiqiy faoliyatini muhokama qilish imkoniyati boʻlganligi tahsinga sazovor. Hududlardagi 20 dan ortiq idora vakillari ishtiroki muhokamani yanada samarali boʻlishiga sabab boʻldi”.
Namangan viloyati hokimligining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi Doniyor Ermatovning soʻzlariga koʻra, trening natijalari hududiy kengashlar va hududlarning “yoʻl xaritalari” uchun keyingi ish rejalarini ishlab chiqishda muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.
Xorazm viloyati Fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazining viloyat boʻlimi rahbari Erjonova Salomat Rajabovnaning aytishicha: “Seminar bizga har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti va oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda profilaktik choralarni qanday ishlab chiqishni amaliy jihatdan tushunib olishimizga yordam berdi”.
Fuqarolik jamiyati vakillari ham ushbu oʻquv-treninglarining amaliy ahamiyatini qayd etdilar. Trening yakunlari boʻyicha SOS “Bolalar qishloqlari” Samarqand filiali direktori Dilrabo Davronova kelajakdagi faoliyatida bolalarda halollik qadriyatlarini yoshligidan shakllantirish, jamoatchilik nazoratiga befarq boʻlmaslik va faol fuqarolik pozitsiyasini ragʻbatlantirishga koʻproq eʼtibor qaratishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Maʼlumot uchun: Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari har bir hududda tashkil etiladi va mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, prokuratura, sud tizimi, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik organlari, xalq deputatlari Kengashlari, mahalla institutlari, shuningdek, maktabgacha, maktab va oliy taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot va moliya, adliya, ichki ishlar, soliq va bojxona xizmatlari, statistika, qashshoqlikni qisqartirish va bandlik, yoshlar siyosati, raqobatni rivojlantirish, kasaba uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi, diniy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari hamda fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi.
O‘quv-treninglar Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi ko‘magida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi (YeI) tomonidan moliyalashtiriluvchi “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazildi. Bu loyiha hududiy va mahalliy davlat boshqaruvi organlarining salohiyatini oshirish hamda joylarda korrupsiyaga qarshi yanada samarali, amaliy va barqaror yechimlarni joriy etishni nazarda tutadi.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun bizga murojaat qiling:
– Fotima Turgʻunboeva, jamoatchilik bilan aloqalar mutaxassisi, BMTTD, fotima.turgunboeva@undp.org
– Malika Musaeva, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi matbuot va axborot boʻyicha xodimi malika.musaeva@eeas.europa.eu