YEVROPA ITTIFOQI VA BMTTD TOMORQA YERLAR UCHUN QUYOSH ENERGIYASIDAN QUVVAT OLADIGAN TOMCHILATIB SUG‘ORISH TIZIMINI ISHGA TUSHIRDI

08.08.2024
Toshkent viloyati, Oʻzbekiston
Press and information team of the Delegation to UZBEKISTAN

Suv taqchilligi ortib borayotgani sabab, qishloqlardagi aholi o’z tomorqa yerlarida sabzavot ekinlarini yetishtirishda tobora qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Bunday dolzarb muammoni hal etish uchun innovatsion yechimlar ilgari surilmoqda. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardan biri hisoblanmish Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi aholi tomorqa yerlarini suv bilan kafolatli ta’minlash maqsadida, yangi tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Ushbu tizim uchun 180 metr chuqurlikdan suv chiqaradigan vertikal sug‘orish qudug‘ining suv nasoslari quyosh panellaridan quvvatlanadi. Loyiha doirasida bugungi kunda mazkur tizim 10 ta xonadonning 0,8 gektar yerni tomchilatib sug‘orishi orqali egatlab sug‘orishga nisbatan 60 foizga yaqin suv tejab qolinmoqda. 

Oʻzbekistonda iqlim oʻzgarishi va suvga boʻlgan talabning ortishi atrof-muhit va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solar ekan, Hukumat iqlimga moslashishning asosiy chorasi sifatida fermer xo’jaliklari  boshchiligida tejamkor sugʻorish tizimini joriy qilishni targʻib qilmoqda.  Quyosh panellari quvvatidan ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi Davlat elektr tizimiga sotiladi, olingan daromad esa sug‘orish qudug‘i va tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash va boshqarish uchun sarflanadi.

EU AND UNDP LAUNCHED SOLAR-POWERED DRIP IRRIGATION SYSTEM FOR LOCAL HOUSEHOLDS

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma marosimdagi kirish nutqida quyidagilarni ta’kidladi:

“Quyosh energiyasi bilan ishlaydigan ushbu tomchilatib sug‘orish tizimi nafaqat suv tanqisligini bartaraf etadi, balki O‘zbekistonda yanada barqaror qishloq xo‘jaligiga yo‘l ochadi. Eng muhimi, mahalliy tomorqa yer egalari muqobil elektr energiya va sug‘orish tizimidan samarali foydalanish imkoniyatini qo‘ga kiritmoqda, bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi”.

BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii xonim ushbu loyihaning muhimligini quyidagicha izohladi:

“Bugun quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan tomchilatib sug‘orish tizimining ishga tushirilishi, butun O‘zbekiston aholisi hayotini yaxshilash yo’lidagi muhim voqea bo‘ldi. Bugun texnologik innovatsiyalar qashshoqlikni qisqartirish, ochlikka barham berish, suv va energiya xavfsizligi ta’minlash hamda yerlarni muhofaza qilish bo‘yicha bir nechta Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam berayotganiga guvoh bo‘layapmiz”

Rasmiy ochilish marosimida, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov; Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari, Timur Butunboyev; Oqqo’rg’on tuman hokimi To‘ra Bobolov, hamda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti mutaxassislari, mahalliy hokimiyat vakillari, mahalliy aholi va OAV vakillari ishtirok etdi.

 

EU AND UNDP LAUNCHED SOLAR-POWERED DRIP IRRIGATION SYSTEM FOR LOCAL HOUSEHOLDS

“Iyun oyida qurg‘oqchilik bo‘lib qolar edi. Tomchilatib sug‘orish kelib, hatto yozning kunida ham, bog‘imiz yam-yashil, yangi pomidor, baqlajon va bulg‘or qalampirlarimiz pishib turibdi. Maza qilib bog‘dorchilik  qilyapmiz".

– deydi xonadonlardan birida yashovchi Maftuna Axmedova.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Muqobil energiya asosida tomchilatib sug‘orish” Innovatsion guruhi, o‘z faoliyatini Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka ilmiy tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi vazirligi huzuridagi Qishloq-oziq-ovqat mahsulotlarini rivojlantirish xalqaro strategik markazi (ISCAD) yetuk mutaxassislari, Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi (AKIS) va Qo‘shtepa mahalla fuqarolar yig‘ini vakillaridan iborat jamoa tomonidan amalga oshirmoqda.