Yevropa Ittifoqi va FTA O'zbekistonda "yashil o'tish"ni qo'llab-quvvatlamoqda

Yevropa Ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi Oʻzbekistonning 2030 yilga kelib yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirishga qaratilgan Bitimni imzoladilar.

 

Yevropa Ittifoqi, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) 17 may kuni Samarqandda Oʻzbekistonning 2030 yilga kelib yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirishga qaratilgan Bitimni imzoladilar.

EU-AFD

Rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar Oʻzbekiston hukumatiga mamlakat aholisining umumiy manfaati uchun atrof-muhit va tabiiy resurslarni asrab-avaylagan holda barqaror iqtisodiy oʻsishni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlarida yordam berishga qaratilgan.

EU-AFD

Yevropa Global darvoza strategiyasi va Yevropa Ittifoqining yashil siyosati ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq, kelishuvning maqsadi yuqori ekologik standartlarga rioya qilish uchun sharoit yaratish, hukumatning turli sohalarda yashil iqtisodiyot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda imkoniyatlarini oshirish va aholini barqaror ish bilan ta'minlashdir.

Team Europe (Yevropa jamoasi) tashabbusi doirasida Yevropa ittifoqi Oʻzbekistonga 10,2 million yevro miqdorida grant yordamini taqdim etadi, bundan tashqari, yashil iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosati masalalarida FTA tomonidan jami 375 million yevro miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan (undan 150 million yevro oʻzlashtirishga taqdim etilgan).

Imzolash marosimida Yevropa Komissiyasi Xalqaro sheriklik boʻyicha Bosh direktoratining (DG-INTPA) bosh direktori oʻrinbosari Miriam Ferran xonim, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari janob Ilhom Norkulov va Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori janob Remi Riu ishtirok etdilar.

Yevropa Ittifoqi oʻz xalqlarining ilgʻor yutuqlari, resurslari va taqdirlarini birlashtirgan 27 a'zo davlatni oʻz ichiga oladi. 60 yil davomida ular birgalikda madaniy xilma-xillik, shaxsiy erkinliklar va bagʻrikenglik muhitini saqlab, barqarorlik, demokratiya va barqaror rivojlanish hududini yaratishga muvaffaq boʻlishdi.Yevropa Ittifoqi doimiy ravishda oʻz yutuqlari va qadriyatlari bilan chet el mamlakatlari va xalqlarini tanishtirishga va tajribasini taqdim etishga intilmoqda.

Fransiya taraqqiyot agentligi (Agence Française de Développement (AFD)) Fransiyaning xalqaro rivojlanish va birdamlik siyosatini amalga oshiradi. NNT va davlat sektorini moliyalashtirish, tadqiqot va nashrlar orqali AFD yanada adolatli va barqaror dunyoga oʻtishni qoʻllab-quvvatlaydi va tezlashtiradi. Shuningdek, Fransiya boʻylab barqaror rivojlanish boʻyicha treninglar (AFD kampusida) va boshqa xabardorlik tadbirlarini oʻtkazadi.

_________________________

Qoʻshimcha ma'lumot olish uchun elektron pochta orqali Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasiga murojaat qiling DELEGATION-UZBEKISTAN@eeas.europa.eu.

FTA: Irodaxon Abdul-Qodirova / abdulkodirovai@afd.fr / 998 90 958 00 21