Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hamkorligi agrobiznesning, savdo aylanmasining o‘sishiga yordam bermoqda
2023-yil 13-iyun – Toshkent sh., O‘zbekiston. O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi o‘sib borayotgan imkoniyatlarga bag‘ishlangan maxsus vebinarda ishtirok etgan hukumat vakillari va biznes rahbarlarining fikricha, Yevropa O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan vebinarda ikki tomonlama hamkorlik O‘zbekistonning yirik va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘i va uning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun qanday mustahkam poydevor yaratayotgani ko‘rib chiqildi.
Oʻzbekiston rasmiy statistika organi tomonidan yig‘ligan maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilda sabzavot va mevalar eksporti 1,15 milliard AQSh dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Ammo Yevropa Ittifoqiga umumiy eksport 31,7 million AQSh dollarni tashkil etdi, bu esa o‘sish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Tadbirning kirish so‘zida Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov nima uchun qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligining muhim jihatiga aylanganini tushuntirib berdi. Bu hamkorlik Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi korxonalarining bozorga kirishi va raqobatbardoshligini oshirishga, shuningdek, koʻproq dehqonlarni eksportni oshirish uchun zarur boʻlgan texnologiyalar va tajribalar bilan jihozlashga koʻmaklashishga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2027-yilgacha bo‘lgan hamkorlikni yo‘naltiruvchi Ko‘p Yillik Indikativ dasturda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasining “katta o‘sishi va eksport salohiyati” alohida qayd etilgan.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasining Hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Vim Riepma ushbu hamkorlik “qishloqlarning turmush farovonligini oshirish, munosib ish o‘rinlari yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilashga” qaratilganini ta’kidladi.
2021-yilda O‘zbekiston 6200 ta mahsulotni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimiga qo‘shildi. Bir necha yuzlab qishloq xo‘jaligi korxonalari O‘zbekiston Eksportni rag‘batlantirish agentligiga maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global GAP) sertifikatini olish uchun hujjatlarni topshirishdi.
Vebinar davomida O‘zbekistonning ikkita yirik qishloq xo‘jaligi eksportchi korxonalari rahbarlari Yevropa bo‘ylab o‘zbek mahsulotlariga o‘sib borayotgan talabni muhokama qildilar.
“Global Export Company” savdo kompaniyasi hamta’sischisi Sardor Abasxanov Yevropa bozori o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun qanchalik ahamiyatli bo‘lganini tushuntirib berdi.
“So‘nggi bir necha yil ichida global qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat bozoridagi takroriy uzilishlardan so‘ng biz bitta yirik eksport bozoriga qaram bo‘lish juda xavfli ekanligini bilib oldik. Shu bois O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun eksportimizni diversifikatsiya qilish, ayniqsa, yirik Yevropa bozoriga sotish ustuvor vazifa hisoblanadi”.
“BMB Trade Group” bosh direktori Mirg‘ulom Usmonovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi korxonalari bugungi kunda meva-sabzavotlarning mos navlarini yetishtirib, to‘g‘ri qayta ishlash usullaridan foydalanmoqda.
“Biz 100 dan ortiq fermerlar bilan bevosita hamkorlik qilib, ularga Yevropa bozoriga mos meva-sabzavot yetishtirishlari uchun zarur bo‘lgan materiallar va jihozlarni yetkazib bermoqdamiz. Shunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat orqali biz sifatni ta’minlaymiz”, dedi u.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi maslahatchisi Alisher Shukurov o‘zbek mahsulotlari Yevropada qat’iy oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga javob bera olishini ta’minlashda sinov va sertifikatlashtirish muhimligini ta’kidladi. Hukumat ushbu standartlarga javob berish imkoniyatlarini oshirish ustida ishlamoqda.
“Ko‘proq innovatsion yondashuv agentlik darajasidagi salohiyatni talab qiladi. Shuning uchun biz laboratoriya xodimlarini tayyorlash dasturlarini kengaytirmoqdamiz va xalqaro hamkorlar bilan mamlakatda yangi qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etmoqdamiz”.
Vebinar Yevropa-O‘zbekiston Iqtisodiy Hamkorlik Assotsiatsiyasi (EUROUZ) tomonidan o‘tkazildi va unda 200 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishdi.