Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik Bitimi orqali o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirmoqda
Bu 2025 yil 4 aprel kuni O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitidan so‘ng mintaqaviy aloqalarning yangi strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilgani va ularning yanada chuqurlashganining ifodasidir.
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen shunday deydi:
“Samarqandda biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni chuqurlashtirishga va’da bergandik. Bugun esa biz O‘zbekiston bilan uzoq yillik hamkorligimizni yanada mustahkamlab ushbu va’dani amalda bajarmoqdamiz. Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik to‘g‘risidagi Bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqiga o‘rtasida fuqarolarimizning o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratadi. Bu allaqachon mustahkam bo‘lgan sheriklikni yanada mustahkamlash onidir.”
Mazkur bitim siyosiy muloqotni kuchaytirish va o‘zaro manfaatli bo‘lgan ko‘plab sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi huquqiy asos yaratadi. Bular jumlasiga savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish va transport aloqalari, intellektual mulk, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, ta’lim, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi, shuningdek qonun ustuvorligi, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati kiradi. Shu bilan birga, ushbu bitim tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, u mojarolarning oldini olish va inqirozlarni boshqarish, xatarlarni kamaytirish, kiberxavfsizlik, mintaqaviy barqarorlik, qurolsizlanish, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, qurol nazorati va eksport nazoratini ham qamrab oladi.
Bitim 2024 yilda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida, yashil va raqamli o‘tish jarayonlari uchun zarur bo‘lgan muhim xomashyolar sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlarini ochadi. U Global Darvoza tashabbusi va Trans-Kaspiy transport koridori orqali mintaqaviy aloqadorlikni yanada mustahkamlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi bilan Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston xalqaro huquq tamoyillari va me’yorlariga sodiqligini hamda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni samarali ko‘p tomonlama hamkorlik orqali mustahkamlashga intilayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Bugun, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston xizmatlar va tovarlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarning yakunlanishini e’lon qildi. Bu O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonidagi muhim bosqich hisoblanadi. Bu holat Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonning JSTga a’zolik yo‘lidagi islohotlarini va markazida JST turgan qoidalarga asoslangan ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlaydi. Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi ushbu kelishuv O‘zbekistonning tovarlar importi va eksporti uchun maksimal boj stavkalari, shuningdek xizmatlar sohasida bergan imtiyozlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu majburiyatlar va imtiyozlar keyinchalik O‘zbekistonning JSTga a’zolik to‘g‘risidagi Protokolda aks ettiriladi.
Ma’lumot uchun
2021 yil aprel oyidan boshlab O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Bosh imtiyozlar tizimi (GSP+) doirasida barqaror rivojlanish uchun maxsus imtiyozli rejim orqali Yevropa Ittifoqi bozoriga bir tomonlama preferensial kirish huquqidan foydalanib kelmoqda. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasidagi savdo va iqtisodiy qoidalar ushbu GSP+ imtiyozlarini to‘ldiradi, xususan O‘zbekistonning GSP+ ishtirokchisi sifatida barqarorlik bo‘yicha majburiyatlarini mustahkamlaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqining ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi. GSP+ dasturi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirdi 2024 yilda ikki tomonlama savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroga yetdi, bu esa 2020 yilga nisbatan deyarli ikki baravar o‘sishni anglatadi. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996 yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (PCA) o‘rnini egallaydi.
Yevropa Ittifoqi 2024 yilda O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori (O‘zbekistonning jahon bilan umumiy savdosining 10,4 foizini tashkil etadi) va ikkinchi yirik eksport bozoridir (O‘zbekiston eksportining 7,2 foizi). O‘zbekiston 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-vazirlar konferensiyasida JSTga a’zo bo‘lish maqsadiga erishish uchun muzokaralardagi sur’atni saqlab qolish borasidagi o‘z majburiyatini yana bir bor tasdiqladi.
A’zolik jarayonining bir qismi sifatida JSTga kiruvchi davlatlar manfaatdor a’zolar bilan ikki tomonlama bitimlar imzolaydi, ular boj stavkalari va xizmatlar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu majburiyatlar O‘zbekiston JSTga to‘liq a’zo bo‘lgach, barcha a’zo davlatlarga tatbiq etiladi.
--
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili / Yevropa Komissiyasi Vitse-Prezidenti Kaya Kallas shunday deydi: “
Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi strategik hamkorlarimiz qatorida ko‘rishdan mamnunmiz. Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim bizning umumiy qadriyatlar va manfaatlarga asoslangan munosabatlarni chuqurlashtirishga, murakkab geosiyosiy sharoit va iqtisodiy haqiqatlarga moslashishga bo‘lgan qo‘shma intilishimizni namoyon etadi. Biz O‘zbekiston bilan inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilishni ilgari surish, fuqarolik jamiyati ishtirokini va ochiq demokratik jamiyatni qo‘llab-quvvatlashni sherikligimizning asosiy unsurlari sifatida targ‘ib etish yo‘lida hamkorlikni davom ettiramiz.
Savdo bo‘yicha Yevropa Ittifoqi Komissari Marosh Shefchovich esa shunday dedi:
“Kengaytirilgan Hamkorlik va Sheriklik to‘g‘risidagi ushbu Bitim Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo aloqalarida yangi davrni boshlab beradi. Savdo va barqaror rivojlanish bo‘yicha keng qamrovli yo‘nalish orqali biz yanada barqaror savdoni rivojlantirish, shuningdek Yevropa va O‘zbekiston iste’molchilari, kichik va o‘rta korxonalar hamda bizneslarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Ikki tomonlama savdo va investitsiyalar hajmini kengaytirish va diversifikatsiya qilish orqali Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim o‘sish, bandlik va iqtisodiy barqarorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi hamda har ikki mintaqaning iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shadi.”