Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston GSP+ tizimi doirasida savdo aloqalarini mustahkamlashning yangi imkoniyatlarini muhokama qilmoqda
Toshkentda tashkil etilgan ushbu tadbir Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi va Xalqaro savdo markazi hamkorligida o‘tkazildi. U Bryusselda Yevropa Komissiyasining Savdo va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha Bosh direksiyasi tomonidan tashkil etilgan yuqori darajadagi konferensiya bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tdi. Bryusseldagi konferensiyada Yevropa Ittifoqining Savdo va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich, Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala hamda Yevropa Parlamenti a’zosi va Xalqaro savdo qo‘mitasi raisi Bernd Lange ishtirok etdi. Mazkur konferensiya “Quroldan tashqari barchasi” (Everything But Arms) tashabbusining 25 yilligiga bag‘ishlanib, unda Yevropa Ittifoqining yangi GSP reglamenti ham taqdim etildi.
Shu bilan birga, Toshkentdagi ishtirokchilar Bryusselda o‘tayotgan konferensiyani jonli efir orqali kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar va O‘zbekistonning GSP+ savdo imtiyozlaridan foydalanish tajribasiga bag‘ishlangan maxsus muhokamada qatnashdilar.
O‘zbekistonning 2021 yilda GSP+ tizimi benefitsiariga aylanganidan buyon Yevropa Ittifoqi tomonidan taqdim etilayotgan savdo imtiyozlaridan foydalanishda muhim yutuqlarga erishdi. 2025 yilda imtiyozlardan foydalanish darajasi 90 foizni tashkil etdi. Natijada O‘zbekiston GSP+ tizimidan eng samarali foydalanayotgan mamlakatlar qatoridan joy oldi va 74 foizlik xalqaro o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori natijani qayd etdi.
“Natijalar o‘z-o‘zidan gapiradi. GSP+ tizimiga qo‘shilganidan buyon O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini sezilarli darajada oshirdi va ushbu tizimning yetakchi benefitsiarlaridan biriga aylandi. GSP+ imtiyozlaridan foydalangan holda amalga oshirilgan eksport hajmi 2021 yilga nisbatan qariyb besh barobar oshib, 2024 yilda 448 million yevroga yetdi. Shu sababli GSP+ Yevropa Ittifoqiga O‘zbekiston eksportini rivojlantirishda muhim omilga aylandi.”
— Renata Wróbel, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi muvaqqat ishlar vakili.
O‘zbekiston biznesining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash
Toshkentdagi muhokama Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va 2026 yil yanvar oyidan buyon Xalqaro savdo markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston: GSP+ va Mamlakat platformasi orqali savdo integratsiyasi va hamkorlikni mustahkamlash” loyihasining dastlabki natijalariga asoslandi.
Loyiha GSP+ preferensiyalaridan samarali foydalanishni takomillashtirish hamda O‘zbekistonning Mamlakat platformasi yordamida tizimli siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan barqaror savdo-iqtisodiy integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan.
Loyiha doirasidagi muhim yo‘nalishlardan yana biri “O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi GSP+ tizimidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” nomli kompleks savdo siyosati tadqiqotidir. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ko‘magida olib borilayotgan tadqiqotda mavjud savdo imtiyozlaridan foydalanish holati o‘rganilmoqda. Shuningdek, o‘zbekistonlik eksportchilarning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishida yuzaga kelayotgan muammolar aniqlanib, mahalliy tadbirkorlarning imtiyozli bozor imkoniyatlaridan samaraliroq foydalanishiga yordam beradigan siyosiy choralar ko‘rib chiqilmoqda.
Tadqiqot, eksport salohiyatiga ega bo‘lgan beshta ustuvor sohaga e’tibor qaratadi: mineral o‘g‘itlar, minerallar, elektr va mexanik uskunalar, to‘qimachilik mahsulotlari hamda meva-sabzavotlar. Uning dastlabki natijalari ham Toshkentdagi tadbir ishtirokchilariga taqdim etildi. Bu esa davlat va xususiy sektor vakillari uchun GSP+ imtiyozlaridan foydalanishni takomillashtirish hamda O‘zbekiston eksportining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan amaliy choralarni muhokama qilish imkonini berdi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga loyiha doirasida ishlab chiqilgan “GSP+ tizimidan foydalangan holda O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilish bo‘yicha biznes qo‘llanma” ham tanishtirildi. Mazkur qo‘llanma Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishni yoki ushbu bozordagi faoliyatini kengaytirishni istagan o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun amaliy manba sifatida ishlab chiqilgan. Unda GSP+ doirasida taqdim etiladigan imtiyozli bozor imkoniyatlari tushuntirilib, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqida amal qiladigan tegishli eksport talablari bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Kelgusidagi istiqbollar: Yevropa Ittifoqining yangi GSP reglamenti
Yevropa Ittifoqining Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi (GSP) uning savdo va rivojlanish siyosatidagi muhim vositalardan biri bo‘lib, u tegishli mamlakatlarga Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli shartlarda kirish imkoniyatini taqdim etish bilan birga, xalqaro savdo orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston 2021 yildan buyon GSP+ tizimi imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda. Mazkur tizim mamlakatga Yevropa Ittifoqining tarif pozitsiyalarining qariyb uchdan ikki qismi bo‘yicha keng turdagi mahsulotlarni bojsiz eksport qilish imkonini beradi. Bunday imkoniyatlar o‘zbekistonlik eksportchilar uchun mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, eksport turlarini diversifikatsiya qilish va Yevropa qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
2026 yil iyun oyida Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 yanvardan 2036 yil oxirigacha amal qiladigan yangi GSP reglamentini qabul qildi. Yangi reglament amaldagi GSP+ benefitsiar mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston uchun 2027 va 2028 yillarni qamrab oluvchi ikki yillik o‘tish davrini nazarda tutadi.
2029 yil 1 yanvardan boshlab GSP+ imtiyozlaridan foydalanishni davom ettirishni istagan mamlakatlar 2028 yil 31 dekabrgacha tegishli ariza topshirishlari lozim.
Kutilayotgan o‘zgarishlar sharoitida doimiy muloqotni davom ettirish, manfaatdor tomonlarning xabardorligini oshirish va biznes vakillariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish alohida ahamiyat kasb etadi. Yevropa Ittifoqi va uning hamkorlari kelgusida ham O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirib, GSP+ imtiyozlaridan samarali foydalanishni kengaytirish, eksportni diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash hamda barqaror savdo integratsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratadi.