Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Transkaspiy transport yo‘lagini mustahkamlash uchun investitsiyalar va islohotlarni muhokama qildi

“Transkaspiy transport yo‘lagi g‘oyadan amaliyotga ko‘chayotgan bir paytda, bugungi konferensiya umumiy ustuvor yo‘nalishlarni aniq loyihalarga, yanada mustahkam muvofiqlashtirishga va joylardagi real investitsiyalarga aylantirishga bag‘ishlanadi. Yevropa Ittifoqi uchun bu yo‘lak shunchaki xaritadagi transport yo‘nalishi emas, balki Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi sheriklik, barqaror o‘sish va yanada mustahkam mintaqaviy hamkorlik platformasidir.”

Peteris Ustubs, Osiyo, Markaziy Osiyo va Tinch okean mintaqasi bo‘yicha direktor, Yevropa Komissiyasi

 

2026 yil 30 sentabr - Hukumat, Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va xususiy sektor vakillari Toshkentda Transkaspiy transport yo‘lagi (TTY) bo‘yicha O‘zbekistondagi ikkinchi milliy konferensiyada uchrashdi. Konferensiyada investitsiyalar va islohotlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi barqaror bog‘liqlikni ta’minlashdagi rolini qanday mustahkamlashi mumkinligi masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov j.o. va Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktorati Osiyo, Markaziy Osiyo va Tinch okean mintaqasi bo‘yicha direktori Peteris Ustubs janoblari hamraislik qilgan konferensiya milliy va xalqaro hamkorlarni infratuzilma ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish, loyihalarni tayyorlash va yo‘lak samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun birlashtirdi.

Pēteris Ustubs

“Transkaspiy transport yo‘lagi g‘oyadan amaliyotga ko‘chayotgan bir paytda, bugungi konferensiya umumiy ustuvor yo‘nalishlarni aniq loyihalarga, yanada mustahkam muvofiqlashtirishga va joylardagi real investitsiyalarga aylantirishga bag‘ishlanadi. Yevropa Ittifoqi uchun bu yo‘lak shunchaki xaritadagi transport yo‘nalishi emas, balki Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi sheriklik, barqaror o‘sish va yanada mustahkam mintaqaviy hamkorlik platformasidir.”

Peteris Ustubs, Osiyo, Markaziy Osiyo va Tinch okean mintaqasi bo‘yicha direktor, Yevropa Komissiyasi

Muhokamalar davomida temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasiga investitsiyalar kiritish masalalari, shu jumladan, loyihalarning tayyorlik holati, moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj va ustuvor takliflarni ilgari surish uchun zarur islohotlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, dasturdan Jahon bankining TTY bo‘yicha 2026-yil uchun flagman hisoboti ham joy olgan bo‘lib, u investitsiyalar bo‘yicha milliy muhokamalarda yo‘lakni yaxlit tizim sifatida ko‘rib chiqishga asoslangan yondashuvni nazarda tutadi.

Ishtirokchilar logistika markazlari va xizmatlari milliy ishlab chiqarish hamda savdoni Yo‘lak bilan qanday bog‘lashi mumkinligini, shuningdek, foydalanishning va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning qanday shartlari investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashi jihatlarini ko‘rib chiqdi. Raqamlashtirish bo‘yicha sessiya o‘zaro muvofiqlik, xalqaro standartlar va joriy etish uchun zarur bo‘lgan amaliy qadamlarga e’tibor qaratgan holda, transport va savdo hujjatlarini, shu jumladan, eTIR, eCMR hamda kelib chiqish elektron sertifikatlarini transchegaraviy almashish masalalariga bag‘ishlandi.

Xususiy sektorga bag‘ishlangan sessiyada biznes fikrini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan tavsiyalar taqdim etildi va taklif etilayotgan Xususiy sektorning xalqaro maslahat kengashi (PSAC) operatsion tajribani siyosiy muloqotga kiritish kanali sifatida ko‘rib chiqildi. Kompaniyalar vakillari, shuningdek, loyiha takliflarini taqdim etib, ularni ilgari surish uchun zarur bo‘lgan tayyorgarlik va hamkorlikni muhokama qildi.

Konferensiya Yevropa Ittifoqining Global Darvoza (Global Gateway) strategiyasi doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Transkaspiy transport yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasining bir qismidir. Platforma Markaziy Osiyoning beshta davlati, Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar o‘rtasida maslahatlashuvlar va muvofiqlashtirish ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Platforma orqali keyingi ishlar ustuvor takliflar bo‘yicha muloqotni ta’minlashga, yo‘lakning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha loyihalar va chora-tadbirlarni tayyorlashga yordam beradi