Yevropa Ittifoqi va Ukraina Toshkentda ko‘rgazma va film namoyishi orqali Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi boshlanganining to‘rt yilligini yod etdi
2026 yil 24 fevral, Toshkent, O‘zbekiston. Bugun O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi O‘zbekistondagi Ukraina Elchixonasi bilan birgalikda Toshkent shahridagi “Ilhom” teatrida ukrainalik illyustratorlar ko‘rgazmasini ochish orqali Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzkor urushi boshlanganiga to‘rt yil to‘lganini yod etdi.
Ko‘rgazmada Ukraina madaniy ramzlari, ijtimoiy hodisalar, tarixiy voqealar va an’analarga oid turli nuqtai nazarlarni aks ettiruvchi ta’sirli asarlar jamlanmasi taqdim etilgan. Bu jihatlar ukrainaliklar uchun yaxshi tanish bo‘lsa-da, xorijda ko‘p hollarda yetarlicha ma’lum emas. Zamonaviy vizual san’at orqali loyiha Ukrainaning go‘zalligi, boyligi va o‘ziga xosligini namoyon etib, mamlakatning milliy o‘ziga xosligi va madaniy merosini keng jamoatchilikka taqdim etadi.
Dastur doirasida mehmonlar Anton Ptushkinning “Biz, uy hayvonlarimiz va urush” nomli hujjatli filmini tomosha qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar. Film urushdan jabr ko‘rgan hayvonlarni qutqarish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan askarlar va ko‘ngillilar - ukrainaliklar hamda xorijliklar haqida hikoya qiladi. Bu faqat urush haqidagi hikoya emas, balki insonparvarlik, mehr-shafqat va inson bilan hayvon o‘rtasidagi favqulodda bog‘liqlik haqidagi hikoyadir. Eng og‘ir damlarda film bizga ba’zan hayvonlarni biz emas, balki ular bizni qutqarayotganini eslatadi.
Shu kuni O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlari elchilari boshqa yevropalik hamkorlar bilan birgalikda qo‘shma video murojaat bilan chiqish qilib, Rossiya hujumlari natijasida halok bo‘lgan yuzlab bolalar xotirasini yod etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Elchisi Toyvo Klaar Yevropa Ittifoqining Ukrainaning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi:
“Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, iqtisodiy, harbiy va diplomatik jihatdan eng yirik ko‘mak beruvchi tomon bo‘lib qolmoqda hamda adolatli va barqaror tinchlikka olib boruvchi har qanday ishonchli yo‘lni qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Biz har qadamda siz bilanmiz va Yevropa Ittifoqi timsolida siz doimo ishonchli va barqaror hamkorni topasiz.”