Yevropa Ittifoqining elchisi Toyvo Klaar Qashqadaryo viloyatiga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi

25.06.2025
Qashqadaryo, O‘zbekiston
Press and information team of the Delegation to UZBEKISTAN

2025 yil 24 iyun, Qashqadaryo, O‘zbekiston. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi janob Toyvo Klaar Qashqadaryo viloyatiga o‘zining ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Bu tashrif elchining O‘zbekistonning turli hududlariga qilayotgan safarlari doirasida bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik tashrif davomida elchi viloyat rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, joylarga chiqdi hamda Qarshi davlat texnika universiteti talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashdi.


Elchi Klaar o‘z tashrifini Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan uchrashuvdan boshladi. Uchrashuv davomida eYevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishga sodiqligini ta’kidladi va Bryusselning Markaziy Osiyodagi jarayonlarga, shuningdek, O‘zbekistonning alohida hududlari bilan aloqalarni mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etdi.

Tomonlar Qashqadaryodagi ishlab chiqaruvchilar uchun GSP+ imtiyozlarining afzalliklari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan mahalliy qishloq xo‘jaligi dasturlarining foydaliligi haqida fikr almashdilar. Mahalliy turizmni rivojlantirish imkoniyatlari hamda ta’lim sohalarida Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlari bilan aloqalarni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Elchi, shuningdek, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi bilan Fransiya Taraqqiyot agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan va chorvachilik sohasida inklyuziv hamda iqlimga mos investitsiyalarni moliyalashtirishga qaratilgan loyihasi doirasida fermerlar bilan uchrashdi. U Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlarida zamonaviy texnika va infratuzilmani joriy etayotgan, barqaror dehqonchilik amaliyotlaridan foydalanayotgan yosh benefitsiarlar bilan suhbatlashdi.

Yoshlar va ilmiy doiralar bilan muloqot doirasida elchi Qarshi davlat texnika universitetida nutq so‘zladi. Unda u Yevropa Ittifoqining dunyodagi o‘rni, O‘zbekiston bilan strategik hamkorlik munosabatlari va innovatsiya hamda ilmiy tadqiqotlarning o‘zgartiruvchi kuchi haqida so‘z yuritdi. Nutqdan keyingi muhokama Erasmus+ va Horizon Europe kabi Yevropa Ittifoqi dasturlari orqali talaba va o‘qituvchilarning imkoniyatlarini kengaytirish hamda Yevropa bilan akademik hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.

“Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning islohotlar va taraqqiyot dasturini qo‘llab-quvvatlashga sodiqdir. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo uchun chinakam ishonchli hamkordir. Savdo va transportdan tortib, innovatsiya va ta’limgacha bo‘lgan sohalarda hamkorligimiz umumiy qadriyatlar va barqaror, farovon kelajak sari intilishga asoslangan,” — dedi elchi Klaar.

Ushbu tashrif Yevropa Ittifoqining strategik ishtirokini yana bir bor namoyon etdi va O‘zbekistonning ishonchli hamkori sifatidagi o‘rnini mustahkamladi, xususan, iqlimga moslashuv, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish sohalarida.