Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida Xivadagi tarixiy Bogʻbonli masjidi ta’mirlandi
2 fevral 2023, Xiva, Oʻzbekiston. YuNESKO, Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston hukumati Xivadagi tarixiy Bogʻbonli masjidini ta’mirlash ishlarini yakunlashdi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan YuNESKOning “Afgʻoniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yoʻli merosi yoʻlaklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro oʻlchovi” tashabbusi doirasida amalga oshirildi. Loyihadan maqsad - mahalliy hamkorlar va xalqaro ekspertlar ko‘magida masjidning mavjud yog‘och elementlarini saqlab qolgan holda binoni mustahkamlash va mahkamlash edi.
Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xivaning Ichan-qal’a shahrida joylashgan Bog‘bonli masjidi XIX asrda qurilgan bo‘lib, ichki hovli va ikkita kichik xonadan iborat. Masjid o‘zining XIV asrga oid ikkita yog‘och ustunlari, naqshlar bilan bezatilgan tom qismi, shuningdek, mahalliy hunarmandlarning benazir mahoratini o‘zida aks ettirgan murakkab yozuvlardan tashkil topgan ayvoni bilan ajralib turadi.
“Yevropa Ittifoqi umumiy merosimiz va o‘ziga xosligimizning muhim qismi bo‘lmish madaniy merosni asrab-avaylash, shu bilan birgalikda mas’uliyatli va barqaror turizm amaliyotlarini rag‘batlantirishga sodiq qoladi. O‘zbekistonda biz mahalliy hamjamiyat va hokimiyat vakillari bilan mamlakat boy madaniy merosini kelajak avlodlar uchun saqlab qolish borasidagi hamkorligimizni davom ettirishga tayyormiz”, — Sharlotta Adrian xonim, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.
“YuNESKO O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy xilma-xilligidan dalolat beruvchi Xiva madaniy merosini asrab-avaylash tarafdori. Bunday joylarni asl ko’rinishda saqlab qolish juda qiyin, biroq ishonchimiz komilki, to‘g‘ri hamkorlik va investitsiyalar bilan, ular ham mahalliy hamjamiyatlarga katta imkoniyatlar yaratishi, jumladan ish o‘rinlari yaratishi va mamlakat iqtisodiyotiga yanada ko‘proq hissa qo‘shishi mumkin”, — Sara Noshadi, YuNESKOning O‘zbekistondagi Vakili