YEVROPA ITTIFOQINING O‘ZBEKISTONDAGI ELCHISI SHARLOTTA ADRIAN JANOBI OLIYALARINING YEVROPA KUNIGA BAG‘ISHLANGAN NUTQI

Muhtaram Vazir, Janobi Oliylari, Xonimlar va Janoblar,

Hurmatli Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston do‘stlari!

Bugun Yevropa Kunini nishonlash uchun bizga qo‘shilganingiz uchun tashakkur.

Xush kelibsiz! 

 

Har yili 9 may kuni biz Yevropa Ittifoqiga asos solingan kunni, tinchlik, birlik va farovonlikka atalgan loyihamiz tug‘ilgan kunini nishonlaymiz. Bundan 73 yil avval, 1950 yilning shu kunida Yevropaning buyuk davlat arbobi Robert Shuman o‘zining mashhur deklaratsiyasini e’lon qildi va unda Yevropa ko‘mir va po‘lat jamiyatini yaratishga chaqirdi. Urush texnikasi xomashyosini xalqarolashtirish orqali biz Yevropada barqaror tinchlik, xavfsizlik va farovonlik uchun asos yaratdik. Uzoq vaqt davomida mojarolar tufayli vayronaga aylangan va qashshoqlashgan Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi urush nihoyat aqlga sig‘mas narsaga aylandi.

Shumanning rejasi avvaliga oltita davlat uchun amalga oshdi, keyin esa keyingi o‘n yilliklar davomida rivojlanib, bugungi kungakelib: 448 million fuqaroni tinchlik va farovonlik yo‘lida birlashtirgan 27 a’zo davlatlarning ittifoqiga aylandi.

1950 yil 9 maydagi deklaratsiyasida Robert Shuman shunday degan edi: “Yevropa birdaniga yoki yagona rejaga ko‘ra yaratilmaydi. U birinchi navbatda de-fakto birdamlikni yaratadigan aniq yutuqlar orqali quriladi.”

Shu sababli biz uchun ushbu bayramni siz bilan baham ko‘rish sharafdir.

Kelgusi yilda biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida rasmiy diplomatik munosabatlarning o‘ttiz yilligini nishonlaymiz. Bu davr mobaynida biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar, xususan, so‘nggi bir necha yil ichida shaxdam qadamlar tashlanayotganini ko‘rdik.

Oxirgi marta Yevropa Kunini nishonlaganimizdan beri erishilgan ba’zi yutuqlarni sanab o‘tishga ijozat bering.

Hamkorligimiz mustahkam va umumiy qadriyatlar hamda umumiy manfaatlarga asoslangan. Bu bizga uni yanada mustahkamroq rasmiy poydevorga joylashtirish imkonini berdi. O‘tgan yili Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi Bitim parafirlandi va biz u yaqin kelajakda imzolanishini kutmoqdamiz. Ushbu yangi kelishuv hamkorligimizni yangi sohalarda kengaytiradi va keng qamrovli almashinuvimizni boyitadi.

Maʼlumki, ikki yildan sal koʻproq vaqt oldin Oʻzbekiston ham Yevropa Ittifoqining Umumiy imtiyozlar tizimi – “GSP” plyusga kirdi. Bu bizni BMTning 27 ta konvensiyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zaro manfaatli masalalar va unga bog‘liq xalqaro boshqaruv masalalarini muhokama qilish uchun yangi platforma bilan ta’minladi. Bu O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan mahsulotlarning uchdan ikki qismiga bojlar olib tashlanishi tufayli Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmining katta o‘sishiga ham turtki bo‘ldi. Natijada O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti 89 foizga oshdi. Savdo ko‘paymoqda va islohot jarayoni ham tez sur’atlarda bormoqda.

Shuningdek, biz yashil o‘sish va investitsiyalar hamda barqaror aloqaga umumiy e’tiborimizni qaratdik. O‘tgan yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Barqaror o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasi katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi va bu asosan O‘zbekistonning sa’y-harakati va rahbarligi tufayli amalga oshdi. Bu sohada duch kelayotgan ko‘plab muammolarni hisobga olgan holda, kelgusi yillarda ham hamkorlik uchun imkoniyatlarga boy yo‘nalish bo‘lib qolaveradi. Iqlim oʻzgarishi sababli Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasida yaqinroq iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish, Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohot jarayonini qoʻllab-quvvatlash, uning yashil texnologiyalarga oʻtishini, shuningdek, JSTga a’zo bo‘lishini qoʻllab-quvvatlash va yuqori sifatli investitsiyalarni ragʻbatlantirish - umumiy manfaatlarimizdir. Tez orada 18-19 may kunlari Olmaotada ikkinchi Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi boʻlib oʻtadi, unda raqamli iqtisodiyot, transport va suv, atrof-muhit va energetika sohasidagi yangi tashabbuslar Samarqand konferensiyasining davomi sifatida eʼlon qilinadi.

Rossiyaning asossiz va oqlab bo‘lmaydigan Ukrainadagi urushi, Afg‘onistondagi og‘ir gumanitar vaziyat, davom etayotgan iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy qaltisliklar va noaniqliklar aniq ko‘rsatmoqdaki, barqaror va inklyziv iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek eng avvalo, xalqaro qonunchilikni qoʻllab-quvvatlash va ushbu qonunchilikni hurmat qiladigan xalqaro yechimlarni topish yoʻlida hamkorlik qilish har qachongidan ham muhimroqdir.

O‘zbekiston o‘zining islohotlar dasturini ilgari surishda davom etar ekan, Yevropa uning hamkori bo‘lib qolaveradi.

O‘tgan haftada biz yangi konstitutsiya bo‘yicha takliflarni umumxalq ovoziga qo‘yish bo‘yicha qilingan jasoratli qadamni ko‘rdik va jamoatchilik bu takliflarga to‘liq ishonch bildirish orqali javob qaytarganiga guvoh bo‘ldik. Endilikda O‘zbekiston hukumati zimmasiga ushbu islohotlar va’dasini amalga oshirish, ya’ni nafaqat ushbu jadal rivojlanayotgan, ulkan salohiyatga ega mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, balki jamiyatning adolatli, yaxshi boshqariladigan, qonun ustuvorligi ta’minlangan, xalq milliy-siyosiy suhbatda to‘liq va erkin ishtirok etishi mumkin bo‘lgan jamiyat qurish haqidagi haqli talabiga javob berishdek mas’uliyat ham yuklanmoqda.

Yangi Konstitutsiyada e’lon qilingan inson huquqlari va asosiy erkinliklari, shu jumladan ayollar huquqlari ijobiy o‘zgarishlarni mustahkamlashda biz, Yevropalik hamkorlaringiz sifatida sizni qo‘llab-quvvatlashni istaymiz.

Nutqimni mening eng kuchli e’tiqodlarimdan biri bilan yakunlashimga ijozat bering – har qanday o‘zgarish, har qanday yangilik, har qanday taraqqiyot uchun: insonlar asosiy omildirlar va konikmalar juda muhimdir. Biz Yevropa ko‘nikmalar yilini O‘zbekiston Ta’lim va insonparvarlik yili bilan birgalikda nishonlayapmiz va hamma narsa insonga, yoshlarga, ularning salohiyat va imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgani uchun yana bir muvaffaqiyatni alohida ta’kidlab o‘tishga ijozat bergaysiz:

O‘zbekiston Erasmus+ dasturining asosiy benefitsiarlaridan biri bo‘lib, Yevropa va O‘zbekistonning barcha mintaqalaridagi universitetlar o‘rtasida barcha turdagi ta’lim sohalari bo‘yicha jonli almashuv yo‘lga qo‘yilgan. Bu o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi va bu hamkorlik, taraqqiyot va innovatsiyalarga bolgan hayratlanarli tashnalikdan dalolat beradi. Bu ko‘nikmalar yaratadi, undan tashqari uzoq muddatli aloqalarni ham yaratadi.

Shu o‘rinda o‘zbek hikmati yodimga keladi: Nima eksang, shuni o‘rasan.

Ishonchim komilki, yoshlar, xotin-qizlar ta’lim va ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan barcha investitsiyalar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi yanada mustahkam munosabatlarning kelajagi va eng avvalo, gullab-yashnagan O‘zbekiston kelajagidir.

Fikrlarimni minnatdorchilik so‘zlari bilan yakunlashimga ruxsat bering. Davlat va xususiy sektordagi fidokor o‘zbek hamkasblarga, shuningdek, xalqaro hamkorlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlariga ajoyib hamkorlik uchun rahmat.

Jamoam va loyiha hamkorlarimizga ham rahmat. Siz va sizning doimiy sa’y-harakatlaringizsiz O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi yaxshi hamkor bo‘la olmas edi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar elchilariga ham minnatdorchilik bildirishga ruxsat bering, chunki ularning hissasi Yevropaning Oʻzbekistondagi ishtirokini “Yevropa jamoasi” ishtirokiga aylantiradi.

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik yanada chuqurlashishini tilayman. Oʻzbekiston xalqiga ham mustahkam sogʻlik va farovonlik tilashga ijozat bering.

Yashasin Yevropa.

Yashasin O‘zbekiston.

Va barchangizni Yevropa Kuni bilan tabriklayman!