Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Toyvo Klaarning Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi boshlanganining 4 yilligini xotirlash tadbiridagi bayonoti

 

Muhtaram elchilar, aziz hamkasblar, aziz Ukrainaning do‘stlari,

Bugundan roppa-rosa to‘rt yil avval boshlangan Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinini xotirlash uchun bu yerga yig‘ilganingiz uchun rahmat. Ukraina elchixonasi, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va hamfikr hamkorlar vakillari bilan birga turib, Ukraina Rossiya urushiga qarshi kurashning beshinchi yiliga qadam qo‘yayotgan bir paytda birdam va qat’iyatli ekanimizni namoyon etmoqdamiz. Bugungi ko‘rgazmani bepul qabul qilgan Ilhom teatriga alohida minnatdorlik bildiraman.

Xonimlar va janoblar, so‘nggi to‘rt yil davomida Ukraina xalqi har kuni o‘z uylari, maktablari, infratuzilmasi va madaniy merosiga qarshi hujumlarga dosh berib kelmoqda. Har kuni ukrainalik onalar Rossiya o‘qlari va bombalaridan o‘z o‘g‘il-qizlarini yo‘qotmoqda. Va shunga qaramay, har kuni ukrainaliklar tik turib, ta’mirlaydi, moslashadi va qayta quradi.

To‘rt yillik ana shunday shafqatsizliklardan so‘ng, 2026 yil ushbu urush yakunlanadigan yil bo‘lsin. Doimiy zo‘ravonlik sharoitida ham ukrainaliklar hayratlanarli matonat namoyon etmoqda; ular tinchlikka munosib.

Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi mutlaqo aniq. Biz Ukrainada tinchlikni istaymiz va bu tinchlik barqaror bo‘lishini xohlaymiz. U mustahkam, ishonchli va xalqaro huquqqa mos bo‘lishi kerak. Shuningdek, u adolatga asoslanishi va ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlanishi zarur, chunki tarix shundan dalolat beradiki, zaif yoki shoshilinch kelishuvlar tajovuzkorlarni yanada ruhlantiradi.

Ukraina tinchlikka tayyor ekanini qayta-qayta namoyon etdi. O‘z shaharlari yonayotgan bir paytda ham u o‘t ochishni to‘xtatishga intildi. Bu sa’y-harakatlarda Yevropa Ittifoqi Ukraina tomonida qat’iy turibdi va AQSH yetakchiligidagi tinchlik tashabbuslariga faol hissa qo‘shmoqda, chunki biz uchun aniq: ushbu sababsiz tajovuzkor urushdan keyin qanday tinchlik qaror topishi nafaqat Ukraina, balki Yevropaning taqdirini ham belgilaydi.

Biroq Ukraina va uning ittifoqchilari tinchlikka intilar ekan, Rossiya diplomatiyaga raketalar bilan javob bermoqda. Aslida, oddiy bir haqiqat bor: agar Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukraina hududidan olib chiqsa va tajovuzni to‘xtatsa, urush ertagayoq tugashi mumkin. Biz gapirayotgan shu lahzalarda ham Rossiya qishni qurolga aylantirib, Ukraina xalqi va ularning tirikchiligiga qarshi hujumlarni davom ettirmoqda, Ukraina va uning hamkorlari esa o‘t ochishni to‘xtatish va haqiqiy tinchlik muzokaralarini talab qilmoqda.

O‘zidan ancha kichik qo‘shnini mag‘lub eta olmagani bilan Rossiya yengilmas emasligini ko‘rsatdi. Buni Ukraina xalqi va qurolli kuchlarining jasorati isbotladi. Biroq Kremlning xalqaro huquq va me’yorlarga nisbatan ochiqchasiga beparvoligi qo‘shni davlatlar va keng xalqaro hamjamiyat uchun beqarorlik yaratdi. Shuningdek, u Rossiya ichki iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi va bu holat uzoq muddatda Rossiya xalqi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu urush butun dunyoga, ayniqsa Rossiyaga geografik jihatdan yaqin davlatlarga ta’sir qilmoqda. U barchamiz uchun muhim bo‘lgan va BMT Nizomida mustahkamlangan tamoyillarning o‘zagiga zarba bermoqda. Suverenitet, hududiy yaxlitlik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish barcha davlatlar xavfsizligi uchun asosiy shartdir, aynan shu asosiy tamoyillarni Rossiya Ukrainada poymol qilmoqda. Rossiyaning urush siyosati global oziq-ovqat va energiya bozorlarini izdan chiqardi hamda jahon barqarorligi va farovonligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shuning uchun bu urush qanday yakun topishi barchamiz uchun muhim. Agar tajovuz mukofotlansa, suverenitet va hududiy yaxlitlik mazmunsiz tushunchalarga aylanadi va kuch huquqni belgilaydigan bo‘ladi. Agar Rossiya Ukrainada chegaralarni kuch bilan o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lsa, u boshqa joylarda ham shunday qilishga urinishi mumkin - va boshqalar ham bunga jazm etishi ehtimoldan xoli emas. Shu bois nafaqat Ukraina, balki butun dunyo Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka muhtoj.

Yevropa Ittifoqi siyosiy, iqtisodiy, harbiy va diplomatik jihatdan Ukrainaga eng yirik ko‘mak beruvchi tomon bo‘lib qolmoqda va adolatli hamda barqaror tinchlikka olib boradigan har qanday ishonchli yo‘lga ochiqdir. Biz har qadamda siz bilanmiz va Yevropa Ittifoqida doimo ishonchli va barqaror hamkor topasiz.

Muhtaram mehmonlar,

Endi sizlarni atrofimizda joylashgan ko‘rgazma bilan tanishishga taklif etaman. U Ukraina kelajagi, o‘tmishi va buguni madaniy meros orqali qanday bog‘langanini ko‘rsatadi. U oddiy bir fikrni ilgari suradi: ayrim imperialistik mafkurachilar nima desa yoki nima deb o‘ylasa ham, Ukraina va ukrain madaniyati hamda o‘zligi barhayot va bardavom bo‘ladi.

Shuningdek, Anton Ptushkinning “Biz, bizning jonivorlarimiz va urush” nomli hujjatli filmini tomosha qilishga chaqiraman. U o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib jonivorlarni qutqarayotgan askarlar va ko‘ngillilar, ukrainaliklar va xorijliklar haqida hikoya qiladi. Bu nafaqat urush haqida, balki insoniylik, mehr-shafqat va insonlar bilan jonivorlar o‘rtasidagi g‘ayrioddiy rishta haqidagi qissadir - eng qorong‘u damlarda biz jonivorlarni emas, balki ular bizni qutqarayotganini eslatadigan rishta.

Rahmat sizga, va Slava Ukraini!