Yevropa kuni: Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisining video murojaati.
9-may - O‘zbekistonda Xotira va qadrlash kuni. Yevropa Ittifoqi uchun esa bu - Yevropa kuni. Biz 1950 yilda, ya’ni kontinentning yarmini Sovet Ittifoqi bosib olishi bian yakunlangan shafqatsiz ikkinchi jahon urushidan atigi besh yil o‘tib, yetakchilarimiz butunlay yangi g‘oya - o‘zaro manfaatlarga asoslangan, ziddiyat o‘rniga hamkorlikni tanlagan va natijada umumiy Yevropa o‘zligini shakllantirgan turli xalqlar hamjamiyatini yaratishga qaror qilgan qarashlarini nishonlaymiz. Yevropa kuni o‘nlab yillar davomida tinchlik, demokratiya, iqtisodiy farovonlik, innovatsiyalar va texnologik taraqqiyotni nishonlaydi.
Qutblanish va mojarolar tobora kuchayib borayotgan dunyoda Yevropa Ittifoqi ilgari surayotgan tamoyillar - demokratiya, qonun ustuvorligi, inklyuzivlik va inson qadr-qimmatiga hurmat - har qachongidan ham dolzarbroqdir.
O‘zbekiston bilan aloqalarimiz shu umumiy qadriyatlarni aks ettiradi. O‘tgan yili biz diplomatik munosabatlarimizning 30 yilligini nishonladik va ishonch bilan ayta olamizki, keyingi 30 yil yanada yaqinroq aloqada bo‘lishimiz kutilmoqda. Ushbu o‘sib borayotgan hamkorlik bundan bir oy oldin muhim bosqichga yetdi - ilk bor Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo Sammiti Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Mazkur tarixiy tadbir davomida o‘zaro ishonch va sadoqatning yorqin belgisi fatida munosabatlarimizni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, Prezident Mirziyoyevning joriy yilda Bryusselga tashrif buyurib, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashini kutmoqdamiz. Ushbu tarixiy tashrif Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarda yangi sahifani ochadi - biz hamkorligimizni yanada chuqurlashtiramiz, yo‘nalishlarini kengaytiramiz va takomillashtiramiz.
Bizning hamkorligimiz har qachongidan ham kuchliroq bo‘lib, turli soha va ishtirokchilarni o‘z ichiga oladi. Biz bir-birimizdan o‘rganamiz va birgalikda taraqqiy etamiz.
Yevropa kuni bilan tabriklaymiz!