YEVROPA KUNIGA BAG‘ISHLAB YEVROPA ITTIFOQINING O‘ZBEKISTONDAGI ELCHISI SHARLOTTA ADRIAN XONIM NUTQI
74 yil oldin, 1950 yil 9 mayda Fransiya tashqi ishlar vaziri Robert Shuman ko‘mir va po‘lat ishlab chiqarishni birgalikda taqsimlash orqali urushni “nafaqat aql bovar qilmas, balki moddiy jihatdan ham imkonsiz” qilish uchun Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyatini yaratishni taklif qildi. Ikkinchi Jahon urushi paytida dushmanlar sherik bo‘lib, asta-sekin iqtisodiy va siyosiy ittifoqqa aylangan iqtisodiy hamjamiyatni, bugungi kunda mavjud bo‘lgan Yevropa Ittifoqini yaratdilar. Yevropa kuni demokratiya va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan birlik, farovonlik va tinchlik ramzidir.
Bugungi Yevropa kunini nishonlash marosimi bir necha sabablarga ko‘ra alohida ahamiyatga ega.
Avvalo, barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamenti saylovlariga bir necha hafta qoldi. 1979-yildan beri har besh yilda bir marta saylovchilar Yevropa parlamentiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri a’zolarni saylaydilar. A’zolar muhokamalar orqali qarorlar qabul qilishda ishtirok etadilar va Yevropa Ittifoqi qonunlarini ishlab chiqish va boshqa Yevropa Ittifoqi institutlarining demokratik ishlashini ta’minlash bo‘yicha odamlar manfaatlarini aks ettiradilar. Parlament demokratik tizimimizning asosiy tayanchlaridan biri bo‘lib, bu Yevropa demokratiyasi uchun muhim daqiqadir.
1979-yildan boshlab Parlamentning vakolatlari va mas’uliyati kengaydi. Muhim qonunchilik va byudjet vakolatlari Parlamentga Yevropa Ittifoqi yo‘nalishi haqida fikr bildirish imkonini beradi. Shu sababli, bu kecha bu yerga tashrif buyurgan yevropaliklarni bo‘lajak saylovlarda o‘z ovozlaridan foydalanishlariga chorlayman.
Bu meni keyingi fikrga olib keladi, ya’ni Yevropa Ittifoqi jozibador bo‘lishda davom etmoqda. 20 yil oldin 10 ta aʼzo davlat, Chexiya, Kipr, Estoniya, Vengriya, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya va Sloveniya tarixdagi eng yirik birlashuv – Yevropa Ittifoqiga qoʻshildi. Keyinchalik, Bolgariya, Ruminiya va Xorvatiya Ittifoqni boyitdi. O‘tgan yilning yakunida esa biz Gruziya, Moldova va Ukrainaga nomzod maqomini berishdan va so‘nggi ikki davlat bilan a’zolik bo‘yicha muzokaralar boshlanganini e’lon qilishdan mamnun bo‘ldik. Kengayish umumiy tamoyillarga asoslangan tanlov bo‘lib, u ham yangi a’zolar, ham eski a’zolar uchun iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan iqtisodiy rivojlanishga turtki beruvchi vosita bo‘lib, odamlar hamda biznes uchun hamkorlik, umumiy farovonlik, birdamlik imkoniyatlarini ochadi. Bu, shuningdek, Yevropa Ittifoqi fuqarolari, ularning manfaatlari va turmush darajasini himoya qilishdir.
Uchinchidan, Yevropa Ittifoqi sodir bo‘layotgan ikkita urushga va tobora murakkablashib borayotgan geosiyosiy muhitga qaramasdan o‘zining chidamliligini ko‘rsatdi.
Bugun Rossiyaning bosqinchilik urushi Yevropada sodir bo‘lmoqda, bu vaziyatda Yevropa Ukraina va uning xalqi bilan birgadir. Birgalikda Yevropa Ittifoqi qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha turishga tayyor. Bu BMT Nizomida mustahkamlangan, barcha mamlakatlarga taalluqli bo‘lgan asosiy xalqaro tamoyillarni qo‘llab-quvvatlash masalasidir. Bu borada, jumladan, Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga hurmat bilan samarali hamkorlik qilayotgan mezbonimizga minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz. Hamkorlar bilan biz allaqachon Ukrainani tiklash va qayta qurishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu oldinga yetaklovchi yagona yo‘l.
Ayni paytda, Yaqin Sharqda Xamas terror hujumi haddan tashqari zo‘ravonliklarga sabab bo‘ldi. G‘azo inqiroziga yetti oy bo‘ldi, biz G‘azodagi daxshatli hodisalarning guvohi bo‘lmoqdamiz, deyarli butun aholi ocharchilikka duchor bo‘lmoqda, bolalarning ochlikdan o‘limi va mojaro tufayli 40 000 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Yevropa Ittifoqi tinchlikka intilishda davom etmoqda va Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat yechimiga asoslangan holda adolatli va keng qamrovli hal etish boʻyicha uzoq yillik majburiyatga chorlamoqda. Oliy vakil va vitse-prezident Josep Borrel bir necha kun oldin aytganidek: “Bu siyosiy ufqni tiklash juda muhim. Yevropa Ittifoqi Isroil, Falastin maʼmuriyati va mintaqaviy va xalqaro tomonlar bilan bu maqsad yoʻlida birgalikda ishlashga tayyor”.
Tinchlikka intilish bilan birgalikda, dunyoning ko‘plab qismlarida asosiy ehtiyojlarni ta’minlaydigan insonparvarlik ishlari ham davom etmoqda. Bu O‘zbekistonga qo‘shni Afg‘onistonda ham unutilmagan.
Xonimlar va janoblar,
O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz mustahkam sheriklikka asoslangan.
Bu yil biz O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligini nishonlamoqdamiz. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni mustaqillikka erishganidan beri qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va bizning sherikligimiz kengayib, chuqurlashib, umumiy tamoyillar va manfaatlarga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikka aylanib bormoqda:
Demokratiya va qonun ustuvorligi, inson huquqlari, samarali boshqaruv, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik. Biz yashil iqtisodiyotga o‘tish va raqamlashtirishning barcha jihatlari bo‘yicha ham hamkorlik qilamiz.
Siyosiy darajada munosabatlarimiz gullab-yashnashda davom etmoqda, o‘tgan yil davomida yuqori darajadagi ko‘plab uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi va bundan keyin ham undan-da ko‘proq rejalashtirilgan. O‘tgan 8 oy ichida tashqi ishlar vaziri Saidov, Bosh vazir o‘rinbosari Xo‘jaev va vazir Qudratov Bryusselga, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Shinas esa Toshkentga keldi.
Yillar davomida biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq, insoniy yondashuv ustuvorligida iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatladik. Oshkoralik siyosati, davlat xizmatlari hamma uchun, jumladan, eng chekka hududlarda ham foydalanish imkoniyati yaxshilandi. Muhtaram Prezident Mirziyoyev doim ta’kidlaganidek, “ta’lim, ta’lim va ta’lim” bilan inson taraqqiyoti istagini ko‘ramiz. O‘zbekiston Erasmus dasturidan foydalanish bo‘yicha birinchi o‘rinda hisoblanadi va biz O‘zbekiston va Yevropa universitetlari o‘rtasida turli fanlar bo‘yicha ko‘plab hamkorlikni ko‘rishdan mamnunmiz.
Iqtisodiy aloqalarimizni chuqurlashtirganimiz hamda iqtisodiy taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlaganimizga so‘nggi uch yil yorqin dalil bo‘ldi. Oʻzbek eksportyorlariga Yevropaning yirik bozoridan foydalanish imkonini beruvchi GSP+ ma’lum va keng qo‘llaniladi. Savdo o‘sib bormoqda, lekin eng muhimi, BMTning bu tizimga oid 27 ta konvensiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar kuzatilmoqda. Biz O‘zbekiston hukumatini o‘tgan yili Universal davriy sharhning tavsiyalarini qabul qilgani bilan tabriklaymiz. Bu muhim bosqichlar va biz Yevropa Ittifoqi sifatida islohotlar tartibini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Shuningdek, biz O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz, standartlarga moslashishdagi ulkan sa’y-harakatlarni ko‘rmoqdamiz va buning uchun vaqt kerakligini bilamiz, lekin aytganishganidek – iroda bor ekan, yo‘l borligiga ishonamiz. Biz shu tarzda qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Buning usullaridan biri — Global Gateway mamlakatlar, bozorlar va eng muhimi, odamlar o‘rtasida yanada mustahkam va barqaror rivojlanishga sarmoya kiritish uchun ishga tushirildi. Transkaspiy transport koridori, shuningdek, “Digital Team Europe” tashabbusi diversifikatsiya qilish istagini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ko‘proq mintaqaviy hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlardir.
Yaqinda muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha memorandumning imzolangani O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa xususiy sarmoyalarini ko‘paytirish, qo‘shimcha qiymat va ish o‘rinlarini yaratish uchun O‘zbekistonda aloqalarimizni chuqurlashtirishni davom ettirishga bo‘lgan birgalikdagi intilishimizning yana bir belgisidir.
Bizning munosabatlarimiz o‘zgardi.
Biz O‘zbekistonni faqat qishloq xo‘jaligida islohotlar bilan qo‘llab-quvvatlardik. Biz buni davom ettirmoqdamiz, lekin bugungi kunda hamkorligimiz ancha kengroq bo‘lib, boshqaruv, raqamlashtirish, yashil iqtisodiyotga o‘tishning ko‘plab jihatlari bo‘yicha bizda ko‘plab Yevropa mamlakatlari, agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, jumladan, xususiy sektor, parlamentlar, BMT va xalqaro tashkilotlar bilim va tajriba almashishda davom etmoqda. Taraqqiyot ― bu jarayon. Biz hammamiz almashinuv va hamkorlikdan rivojlanamiz va buning uchun fursatdan foydalanib, barchaga rahmat aytmoqchiman.
Aziz do‘stlar,
Bu mening Yevropa kuni munosabati bilan Toshkentdagi so‘nggi nutqim bo‘lgani uchun, ushbu imkoniyatdan foydalanib, barcha hamkorlar, hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati, universitetlar va boshqalarga samimiy minnatdorchiligimni bildirishga ijozat bering. Siz barchangiz mening bu yerda bo‘lishimni shiddatli, dinamik va nihoyatda qiziqarli qildingiz va men uning har bir daqiqasidan zavq oldim. Mening jamoamga va Yevropa Ittifoqi elchilariga va ularning jamoalariga alohida minnatdorchilik bildiraman, chunki bu bizni kuchli Yevropa jamoasiga aylantiradi.
Va nihoyat, o‘zbek xalqiga mehmondo‘stligi, do‘stona munosabati, hazilkashligi va ochiq qalbi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Qadimgi o‘zbek maqolida shunday deyilgan: Ko‘ngli ochiqning qo‘li ochiq, qo‘li ochiqning yo‘li ochiq. Ushbu ajoyib mamlakatdaligim davomida bu yondashuv va munosabat meni to‘laqonli qamrab oldi.
Yevropa kuni bilan tabriklayman!
Ukrainaga shon-sharaflar!
Katta rahmat.