Yoshlarni kelajak qaror qabul qiluvchilari sifatida qo‘llab-quvvatlash: O‘zbekiston va Qirg‘iziston talabalari korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Model konferensiyada birlashdi

Toshkent, 2 dekabr 2025 — O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi (LEA) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC) ishtirokchi davlatlari MUN konferensiyasiga mezbonlik qildi. Tadbir talaba-yoshlar, ekspertlar, amaliyotchi mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir kunlik simulyatsiya doirasida transchegaraviy korrupsiyaga qarshi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhokama va mashg‘ulotlar uchun jamladi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Yevropa Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH hamkorligida tashkil etildi. Bundan tashqari, o‘quv mashg‘ulotlarini taqdim etgan Regional Dialogue va konferensiya materiallari bilan ta’minlagan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) tomonidan qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatildi.

Konferensiya Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning amalga oshirish mexanizmlariga, xususan
55-modda – musodara qilish maqsadida xalqaro hamkorlik masalasiga bag‘ishlandi. Ishtirokchi
talabalar solishtirma huquqiy tizimlarni o‘rgandilar, mamlakatlar bo‘yicha tahlillarni taqdim etdilar hamda UNCAC standartlariga mos ravishda milliy qonunchilik va amaliyotni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surdilar. Shu bilan birga, ushbu yilgi konferensiya muhim bosqichni belgiladi: unda Qirg‘iziston Respublikasi birinchi bor ishtirok etdi. Qirg‘iziston delegatsiyasining ishtiroki Markaziy Osiyo bo‘ylab halollikka asoslangan boshqaruvni ilgari surish, o‘zaro o‘rganish va muloqotni kuchaytirish bo‘yicha ortib borayotgan mintaqaviy intilishni aks ettiradi. O‘tgan besh yil davomida LEA tomonidan o‘tkazib kelinayotgan MUN konferensiya mintaqaviy
ekspertlikni rivojlantirish, yoshlar liderligini qo‘llab-quvvatlash va korrupsiyaning oldini olish
hamda unga qarshi kurashda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun noyob platforma bo‘lib xizmat
qilmoqda. Tadbirni O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, UNODC va GIZning Samarali
davlat boshqaruvi dasturining yuqori darajadagi vakillari ochib berdi. Bosh prokuratura huzuridagi bo‘lim katta prokurori Izzat Ochilov milliy darajada korrupsiyaga qarshi samarali choralarni ta’minlash uchun mustahkam huquqiy asoslar, idoralararo hamkorlik va yosh mutaxassislar malakasini oshirish muhimligini ta’kidladi.
 

O‘zbekiston uchun Konvensiya bo‘yicha asosiy masalalarni muhokama qilyapmiz, ularga yechim topishga harakat qilyapmiz hamda bu yechimlarning amaliyotga qanday tatbiq etilishini o‘rganmoqdamiz. Biz birgalikda muammolarni hal qilishga intilmoqdamiz va eng yaxshi yondashuvlarni barcha tomonlar va davlatlar qo‘llashi uchun choralar ko‘ryapmiz. Bahs- munozaralar juda qiziqarli o‘tmoqda va biz Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasini bu konferensiyada qarshi olayotganimizdan mamnunmiz. Hozirda Qirg‘iziston jamoasi bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. — dedi O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabasi Nilufar Abduqaxxarova.

Biz bu yerda Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi nomidan Shimoliy Makedoniya sifatida ishtirok etmoqdamiz. Korrupsiya masalalariga bag‘ishlangan munozaralar juda samarali va mazmunli bo‘ldi. Kelgusi yillarda Markaziy Osiyodagi ko‘proq davlatlar bizga qo‘shilishiga umid qilaman va ushbu ilhomlantiruvchi kun uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.— dedi Qirg‘iziston vakili Erkaiym Ashubayeva.

Bosh prokuratura, GIZ va UNODC ekspert baholovchilari ishtirokchilarning tahliliy yondashuvi va innovatsion takliflarini yuqori baholab, o‘zlarining professional fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir yosh mutaxassislarning shaffof va mas’uliyatli boshqaruvga hissa qo‘shishga bo‘lgan ortib borayotgan salohiyati va ishtiyoqini namoyish etdi.

MUN konferensiyasi Yevropa Ittifoqi va Germaniya Federal Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi (BMZ) tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish –
inklyuziv korrupsiyaning oldini olish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Loyiha GIZ boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi konsortsiumi tomonidan Latviya Markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamda Regional Dialogue bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, tadbir UNODC va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va UNDP tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish: Milliy korrupsiyaga qarshi ekotizimni mustahkamlash” loyihasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.