Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo: Bryusselda 13-Oliy darajadagi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi

17.07.2026 EEAS Press Team

 

16 iyul kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqi hamda Markaziy Osiyoning besh davlati — Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Siyosiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yillik Oliy darajadagi muloqotning 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yevropa Ittifoqi 2023 yil oktabr oyida qabul qilingan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma yo‘l xaritasi hamda 2025 yil aprel oyida bo‘lib o‘tgan tarixdagi birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti natijalariga tayangan holda Markaziy Osiyo bilan strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, samarali boshqaruv, qonun ustuvorligi, hisobdor institutlar va inklyuziv iqtisodiy rivojlanish orqali barqarorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, xalqaro huquq, BMT Ustavi tamoyillari hamda davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurligi qayd etildi.

Uchrashuv global va mintaqaviy voqealar, jumladan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda Afg‘onistondagi holatni muhokama qilish uchun imkoniyat yaratdi. Tomonlar siyosiy muloqotning tobora faollashayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, umumiy xavfsizlikka oid tahdidlarga qarshi hamkorlikni keng qamrovli sheriklikning muhim ustuni sifatida davom ettirishga kelishib oldilar. Shuningdek, chegaralarni boshqarish, terrorizm va zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish, noqonuniy narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash hamda kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan Yevropa Ittifoqi dasturlari doirasidagi hamkorlik yuqori baholandi. Barqaror transport va logistika aloqalari, xavfsiz transport yo‘laklari, energetika xavfsizligi hamda raqamli transformatsiya mintaqaning barqarorligi va farovonligini ta’minlashda tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuvga Olof Skug, Yevropa tashqi harakatlar xizmati (EEAS) Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari raislik qildi. Unda Arman Issetov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Idibek Qalandar Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Ahmet Gurbanov, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Muzaffarbek Madrahimov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, shuningdek, Aydit Erkin, Qirg‘iz Respublikasining Yevropa Ittifoqidagi Elchisi ishtirok etdi.